Esse yozish bo'yicha uslubiy tavsiya » BELLASHUV.UZ
So'ragan edingiz

Esse yozish bo'yicha uslubiy tavsiya

Поделиться:



 


ESSE YOZISH BO‘YICHA USLUBIY TAVSIYALAR

 

Esse va inshoning farqli tomonlari

 

Esse

Insho

Esse – fransuz tilida "essai" –     «tajriba», ingliz tilida "essay", "assay" – intilish, ijodiy sinov, ocherk; lotincha "exagium" – "o‘ylash" degan ma’noni bildiradi

Esse – o‘quvchining aniq mavzu yuzasidan shaxsiy fikr-mulohazalari asosida yoziladigan ixcham ijodiy ish hisoblanadi. Uning o‘zgachaligi mavzuda ko‘tarilayotgan muammoga fakt va dalillarni o‘rinli keltirish  orqali o‘z munosabatini bildirish.

Insho – arab tilidan olingan so‘z bo‘lib, "bino qilish", "qurish" degan ma’noni bildiradi.

Insho o‘quvchining o‘zbek  adabiyoti fanidan olgan nazariy  bilimlarini o‘z fikri va dunyoqarashi bilan bog‘lab yozadigan ijodiy mehnati. Bunda o‘quvchidan o‘qilgan badiiy asarni  chuqur o‘ylashi, tahlil qilishi, so‘ng badiiy til bilan ta’sirli  ifodalashi talab etiladi. 

Esse erkin kompozitsiya asosiga quriladigan, tuzilish jihatdan ixcham nasriy asar bo‘lib, badiiy-publitsistik janrning bir turi. Esse muayyan bir reja asosida yozilmaydi. 

Insho – tuzilishi jihatdan hajmi keng, fan bo‘yicha egallangan nazariy bilimlar asosida yoziladigan ijodiy ish. Insho uchun  reja tuziladi va epigraf yoziladi.

Essening  turlari bir necha xil bo‘lib,  yozilish maqsadiga ko‘ra uning qay turga mansubligi aniqlanadi.

Insho shartli ravishda uch guruhga bo‘linadi: adabiy, ijodiy va erkin mavzudagi insholar.

Essening maqsadi – o‘quvchini faol fikrlashga o‘rgatish, o‘z mulohazalarini dalillashga yo‘naltirish, til unsurlaridan o‘rinli foydalanish orqali fikrni to‘g‘ri yetkazib berish ko‘nikmalarini shakllantirish

Inshodan ko‘zda tutilgan

 maqsad o‘quvchining yozma 

nutqini rivojlantirish

 

Esse yozish o‘quvchilarga o‘z fikrini erkin bildirishga, mavzuga aloqador ma’lumotni ongli qabul qilishga va tushunishga, muammoning yechimini topishga aloqador dalillardan foydalanib, o‘z xulosasini aniq va savodli bayon etishga imkon yaratadi. Muhimi, keltirilgan fakt va dalillarning o‘rinli qo‘llanishidir.

 

 

 

 

Essening tuzilishi.

 

1.Kirish

 

Kirish – mavzuni mantiqiy va uslubiy jihatdan bog‘lab oydinlashtirish. Bu bosqichda qalamga olingan mavzuni yoritish uchun savolni to‘g‘ri qo‘yish muhim. Chunonchi, bu o‘rinda esse yozuvchi  "Kirish qismida ushbu mavzuga ma’lumot berish kerakmi?", "Men tanlagan mavzuning dolzarbligi  qay darajada?", "Men esse yozish davomida o‘z fikrimni dalillash uchun qanday manbalarga tayanaman?", "Men kalit so‘zdan kelib chiqqan holda tezis qo‘ya olamanmi?" kabi savollarni o‘z oldiga qo‘yishi va shuning tevaragida fikr yuritgani ma’qul. Essening kirish qismi kamida, ikki xatboshidan iborat bo‘lishi va har bir xatboshida ikki-uch gap ifodalanishi mumkin. O‘quvchini qiziqtirish, uning e’tiborini jalb etish maqsadida essening kirish qismi jonli va aniq yozilishi kerak. Bunda xitob, undov, shaxsiy tajribaga ishora, ritorik so‘roq kabilardan  foydalanish o‘rinlidir.

           Kirish qismida o‘quvchi esse mavzusiga tushuncha beradi, shu orqali uning esse mavzusini qanday tushunganligi aniqlanadi va bu mavzu nima uchun dolzarb ekanligi yoritiladi. Mavzu va uning dolzarbligi yoritilgandan  keyin tezis qo‘yiladi. Tezisdan keyin asosiy qismga bog‘lovchi gap yoziladi. Agar tezis aniq va yaqqol berilsa, gap yozilmasligi ham mumkin. 

Tezis qo‘yish essening eng muhim shartlaridan biridir. Tezis – essening kaliti. Kaliti topilmasa, essening asosiy maqsadiga yetish qiyin. Tezis – muallifning shaxsiy nuqtayi nazarini bildirib, u asosiy qismda isbotlanadigan fikrni yo‘naltiruvchi g‘oya hisoblanadi. Tezis essening kirish qismida yoziladi.      

 

2.Asosiy qism.

 

Asosiy bo‘lim – mavzuning nazariy asosi va savolning mazmunini bayon etuvchi bo‘lim. Bunda mavzuga mos barcha bilimlar, asosiy fikr va muammoga bog‘liq dalil va faktlar jamlangan bo‘lib, unda dalillar, xabarlar, turli statistik ma’lumotlardan foydalanib, mavzu yoritiladi, ko‘tarilgan muammoning kelib chiqish sabablari oydinlashtiriladi. Bu jarayon birmuncha murakkabroq kechadi. Shu sababli, asosiy bo‘limni bir necha kichik qismlarga bo‘lish mumkin. Har bir qismni dalillar asosida yoritish asosiy savolga javob topishga ko‘maklashadi. O‘quvchining keltirilgan fakt va dalillarni taqqoslab, o‘z qarashlarini tahlil orqali ko‘rsatib borishi asosiy bo‘limning to‘liq yoritilishiga imkon beradi.

Qismlarga to‘g‘ri ajratish va izchillik bilan bayon etish mavzuning yoritilishidagi mantiqiylikni ta’minlaydi.  

           Dalillar – o‘quvchi tomonidan aytilgan fikrni isbotlash uchun keltiriladigan ko‘chirma (maqol, tsitata, hikmatli so‘z, rivoyat, she’riy parchalar va h.k.). Qo‘yilgan tezisga kamida ikkitadan dalillar keltirilishi kerak.

Asosiy qismni yoritish uchun kerakli ma’lumotlarni keltirish jarayonida qo‘yilayotgan masalaga o‘quvchining shaxsiy munosabatini bildiruvchi, shuning bilan birga, menimcha, mening fikrimcha, birinchidan, ikkinchidan, shu kabi, demak, biroq, unday  bo‘lsa kabi kirish so‘zlardan foydalanish o‘rinli bo‘ladi.

 

3. Xulosa

 

Xulosa – mavzu bo‘yicha chiqariladigan yakuniy jumlalar bo‘lib, unda yangi fikr-mulohazalar bildirilmaydi, balki dalillarga suyangan holda yakun chiqarilib, uni yechish yo‘llari ko‘rsatiladi. Essening yakuniy qismida asosiy qismda berilgan muammoning yechimi tasdiqlanadi va mazmunning mohiyati ochiladi, ya’ni «Esse boshida ko‘tarilgan masala bo‘yicha nima deyish mumkin?» degan savolga aniq va tushunarli javob tarzida yozilishi kerak. Xulosa qismida quyidagi kirish so‘zlardan foydalaniladi: men shunday xulosaga keldimki.., qisqasi, asosiy fikrim shuki.., xulosa qilib aytganda... va boshqalar.

 

Esse yozish jarayonida quyidagilarga e’tibor berish kerak:

 

1. Kirish va yakuniy qismdagi fikr asosiy masalaga uzviy bog‘liq bo‘ladi. Masalan, kirish qismida “Men... haqida shuni aytmoqchiman” deb boshlansa, yakuniy qismda “Men ...xulosaga keldim” kabi tugallanadi. 

2. Esse yozishda his-hayajonli/ta’sirchan va badiiy bo‘yoqdor so‘zlardan foydalaniladi.

3. Esse ko‘lamiga e’tibor berish. (200-250 so‘zdan iborat bo‘ladi. Kirish –60-70 so‘z, asosiy qism –100-130 so‘z, xulosa – 30-40 so‘z)

4. Esseda birgina mavzu atrofida fikr yuritiladi. Unda birgina fikr o‘rtaga tashlanadi va rivojlantiriladi. Uning bir necha mavzu va bir qancha g‘oyasi bo‘lishi maqsadga muvofiq emas.

5. Esse erkin kompozitsiya asosida yoziladi. Yaxshi esseni mavzuni yaxshi tushungan, uni har tomonlama idrok eta olgan, o‘z g‘oyalari bilan o‘quvchini o‘ylanishga majbur eta oladigan odamgina yoza oladi.

6. Esse yozishda bir qolipdagi so‘zlardan foydalanish, so‘zlarni qisqartirish, yuzaki xulosa chiqarishdan xoli bo‘lish kerak. Esse tili salmoqlilikni talab qiladi. Bunda esse mavzusini oydinlashtirish, hajmini va maqsadni aniq belgilab olish muhimdir.

7. Esseda badiiy to‘qima va fantaziya bo‘lmaydi. Unda adabiy til uslublaridan to‘g‘ri va o‘rinli foydalaniladi.

8. Esse ixcham hajmli bo‘lgani bois, fikr-mulohaza bildirishda batafsil hikoyalashdan cheklanish, keltirilgan ma’lumotni ipidan ignasigacha bayon etishdan saqlanish, bir aytilgan fikrni yana qayta takrorlashga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Uzundan uzoq, aralash turdagi qo‘shma gaplar o‘rniga qisqa va ixcham ifoda usulini qo‘llagan ma’qul.  

9. Esse xatboshilarga to‘g‘ri ajratilishi kerak. Esseni yozib bo‘lgach, uni qayta-qayta o‘qib chiqish tavsiya etiladi. 

10. Ensiklopediya va turli manbalardan olingan ma’lumotlar o‘z o‘rnida qo‘llanilishi kerak. Aks holda, essening badiiyligi va ta’sirchanligiga putur yetadi.

 

Esse yozishda quyidagi talablarga qat’iy rioya qilinadi:

 

• shaxsiy munosabatning bildirilishi;

• tezis – kalit so‘zni to‘g‘ri aniqlash;

• faktli dalillar (argumentlar);
 • nazariyaga asoslanish;
 • atamalarni o‘z o‘rnida qo‘llash;
 • sitatalar keltirish;
 • mantiqiy qonuniyatning saqlanishi;
 • taqqoslash va xulosalash usullaridan foydalanish;
 • savodlilik (uslubiy, imlo, tinish belgilari);
 • yumor, o‘tkir hajv;
 • foydalanilgan ilmiy manbalarga havolalar.

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

Mulohazali esse namunasi

 

Mavzu: Erkka intiluvchi insonni yengib bo‘lmaydi.

 

Men esse yozish uchun ushbu mavzuni tanladim. Chunki Abdulla Qahhorning «Dahshat» hikoyasini o‘qiganimda, nihoyatda ta’sirlanganman. Asarga qo‘yilgan nom kishini o‘ziga jalb etadi. Nega hikoya «Dahshat» deb nomlangan? Erk o‘zi nima? Erksizlik-chi? Erkparvar inson qanday bo‘ladi? Nega odamzod erkka talpinib yashaydi? 

          Erk – kishining o‘z xohishi bilan ish-harakat qilish huquqi. Erksizlik –tobelikdagi hayot, haq-huquqsizlik. 

Mening fikrimcha, hikoya qahramoni Unsin erk yo‘lida qurbon bo‘ldi.

 Nima uchun?

Unsin – o‘n oltiga to‘lib-to‘lmagan qiz – Olimbek dodxohning sakkizinchi xotini edi. U insofsizlik va shafqatsizlik hukm surgan bu xonadonga ko‘nikolmas, berahm dodxohning xotinlariga ko‘rsatayotgan  sitamlarini ko‘ngilga sig‘dirolmas edi.

Oilada go‘riston haqidagi vahimali hangomalar aytilgan kuzning quruq sovuqli bir kechasida Nodirmohbegimning hikoyasiga javoban:

  1. O‘lsin, nokas odam ekan, bitta qo‘yni deb...Koshki arziydigan narsa bo‘lsa!.. – dedi.

Nafsoniyati qo‘zg‘agan dodho Unsinning gapiga g‘ashi kelib, uni masxaraladi:

– Obbo, tegirmonchining qizi! Bitta qo‘yni nazarlariga ilmaydi!..Yuzta qo‘y, davlatimning yarmini bersam borasanmi?

          Unsin unga javoban:

  •  Menga davlat kerak emas...Men butkul ketsam deyman, javobimni bersangiz...Bir emas, o‘nta go‘rga o‘nta pichoq sanchib kelardim, – dedi va  kundoshlari va Olimbek dodxohni lol qoldirib, jasorat ko‘rsatdi: go‘ristonga borib qumg‘on qaynatib kelishga otlandi. 

          Hammayoq zim-ziyo qorong‘u. Uvillagan shamol kishining ko‘ngliga qo‘rqinch soladi. O‘z qishlog‘iga, ota-onasi yoniga borish, ozod bo‘lish ilinjida bo‘lgan Unsin qorong‘ilikdan ham, go‘ristondan ham qo‘rqmay qumg‘on qaynatish uchun qabristonga yo‘l oladi. Mushtday qizning erk uchun intilishini o‘ziga qarshi ko‘tarilgan isyon deb bilgan dodxo qizni qattiq qo‘rqitish maqsadida Unsinning ketidan maymunini yubordi.

          Rangi bo‘zdek oqargan Unsin bazo‘r uyga kirdi.Tong saharda qishlog‘iga, ota-onasi diydoriga yetolmay, Unsinning joni uzildi.

Shunday qilib, Unsin tobelikdan qutulish yo‘lida berilgan birgina imkoniyatdan foydalandi, ammo qurbon bo‘ldi. Unsinning o‘limi aslo yengilish emas, balki zulm va nohaqlikka qarshi isyon edi. Men shunday xulosaga keldimki, erkka intilgan insonni yengish mumkin emas. Inson o‘z erki va mustaqilligi uchun doimo kurashishi, uni himoya qilishi kerak. 

281 so‘z

Argumentli esse namunasi

 

Inson hayotida yoshlikning ahamiyati qanday?

 

Mening fikrimcha, yoshlik – bu insonning kuch-quvvatga to‘lgan pallasi. U bitmas-tuganmas kuch-quvvat, g‘ayrat-shijoat, jur’at va qat’iy iroda manbai. Yoshlik yillarida insonning tengsiz bunyodkorlik va ijodkorlik faoliyati namoyon bo‘ladi, jamiyat uchun yangidan-yangi kashfiyotlari yuzaga keladi. Bu mavzuda qalam tebratish, menimcha, juda dolzarb masala, chunki yoshlar jamiyatning harakatlantiruvchi asosiy kuchi va ertangi kun vorislaridir. Xo‘sh, bugungi yoshlar o‘z hayotini nima bilan bezamoqdalar? Umr, tiriklik mazmunini ular qanday tushunadilar? Yoshlikning qadr-qimmatini ular qanday baholaydilar?

Donolar «Yoshlikni umr gulshanining gultoji», deydilar.

Shu o‘rinda men e’tiborni ajdodlarimizning hayot yo‘llariga qaratgim keladi. Buyuk bobokalonimiz Alisher Navoiy yoshligidan ilm o‘rganishga, kitobga mehr qo‘ygan. Tinimsiz mutolaalar sabab, u yigirma sakkiz yoshida mukammal bilimlar egasi, mutafakkir, el-yurtga tanilgan shoir va tajribali, insonparvar davlat arbobi darajasiga erisha olgan.  

Dunyo xalqlarini o‘z ilmi bilan hayratga solgan Abu Ali Ibn Sino o‘n olti yoshidayoq Qur’oni Karimni yoddan bilgan va tibbiyot ilmiga ixlos qo‘yib, tabib maqomini olgan. Bu kabi insonlar navqironlik davrining qadriga yetib, fursatni g‘animat bilib, uni bilim va hunar o‘rganish uchun sarflaganlar. Shuning natijasida olamshumul darajadagi fozillar qatoridan o‘rin olganlar.

Bugun o‘z yoshligining qadr-qimmatini baholay olmaydigan kishilar ham jamiyatimizda talaygina. O‘z vaqtini behuda narsalarga sarf etayotgan yoshlar sirasiga hali balog‘at yoshiga yetmay turib, turmushning qing‘ir ko‘chalarida adashib yurganlar kammi? «To‘qlikka sho‘xlik» qilib o‘g‘irlik, talonchilik, buzuqlik natijasida qora kursida o‘tirgan, oqibat umrining bebaho damlarini panjara ortida o‘tkazishga mahkum bo‘lganlar-chi? Statistik ma’lumotlarga qaraganda, 18431 bola ichki ishlar mahkamalari hisobiga olingan. Ulardan 619 nafari 14-15 yoshlar oralig‘idagi bolalar bo‘lsa, 2035 nafari esa 16-17 yoshlar chamasidagi o‘smirlar.

Yuqoridagi fikrlarni kelib chiqqan holda shuni aytishim mumkinki, yoshlik har bir insonga o‘zligini anglash, komillikka intilish, hayotda o‘zining munosib o‘rnini topishi uchun beriladigan katta imkoniyatdir. Shunday ekan, biz, yoshlar vatanimiz kelajagi bizning qo‘limizda ekanligini his qilishimiz lozim. Bugungi jamiyatdagi mavqe va mas’uliyatimizni oshirish uchun har bir daqiqani g‘animat bilishimiz, qaytarilmas yoshlikning qadr-qimmatini to‘g‘ri baholashimiz kerak. 

 

 

 

 

 

 

Shaxmat tugagandan so‘ng shoh ham, piyoda ham bir qutiga solinadi...

 

Tobelik va tenglik... Jamiyatni tartibga solib turadigan borliqning qat’iy tuzilmasi. Bir istiloh doirasidagi ushbu zid ma’nolar o‘rtasida o‘zaro mutanosiblik va mukammal uyg‘unlik mavjud. 

Alisher Navoiyning “Saddi Iskandariy” dostonida Shoh Iskandarning Arastudan olamdagi narsalar teng taqsimlanmaganligi sababini so‘ragani bobida shoirning chuqur falsafiy mushohadalari yotgani ma’lum.

Mulohazalarim ushbu qonuniyatning ijtimoiy munosabatlarda amal qilishi yuzasidan kechadi. Avvalo, olamning tobe tarkibi, zidliklar mutanosibligi haqida ikki og‘iz so‘z.

 Qadim Sharq falsafasiga ko‘ra, bu olam bir sahna bo‘lib, unda har kimning o‘z vazifasi va darajasi belgilangan. Biz undagi o‘yinchilarmiz. Ushbu asar qat’iy tartibga asosan sahnalashtirilgan. Rollar o‘rtasida turlicha munosabatlar o‘rnatilgan: rahbar-xodim, ota-o‘g‘il, ustoz-shogird, shoh-piyoda... O‘yin tugagandan so‘ng aktyorlar teng, do‘stona munosabatlarini davom ettirishadi. Lekin sahnada qat’iy qoidaga amal qilinsagina, qarashlar, amallarda o‘zaro uyg‘unlikkka erishiladi, maqsadlar amalga oshadi, barqarorlikka erishiladi. Demak, asar sujeti unsurlarining qat’iy darajali tarkibi mavjud. Bunday tuzilma uzoq davrlar davomida asar qayta-qayta mutolaa qilinishining zaruriy shartidir. 

Davlatidagi tuganmas kurashlar davrida yashagan Konfutsiy jamiyatni tartibga keltirishni maqsadiga aylantirdi. Uningcha, davlatni boshqarishda jamiyatda tobelangan munosabatga qat’iy amal qilish muhim. Bu esa oiladan boshlanadi. Oilada o‘rnatilgan bunday darajalilik hamda axloqiy qadriyatlarga asoslangan qat’iy tartib jamiyat munosabatlarining ham tartibli va adolatli bo‘lishida muhim o‘ringa ega. Oiladagi qat’iy tobe munosabat hamda o‘zaro rozilikka asoslangan hurmat, a’zolarning o‘rniga ko‘ra o‘z vazifasini bajarishi ularning ongostida qadriyat, qonuniyat darajasida muhrlanadi. Konfutsiyga ko‘ra, ushbu an’ana, natijada, jamiyatdagi munosabatlarga tomon o‘sib boradi. 

Hindistonda mavjud kasta tizimi ham darajalilikning yaqqol namunasidir. Hind xalqi ushbu taqsimotni moddiy olamning adolatli tarkibi sifatida qadrlaydi, rioya etadi. 

Tomonlar muvozanatini ushlab turish puxta ishlangan formulaga asoslangan. Inson fitratidagi ezgulik hamda shakllangan yovuzlik kabi ziddiyatlar uning kamoloti uchun muhim. Imom G‘azzoliy fikricha, «Shak yaqiyn – ishonchli ilmning birinchi pog‘onasidir». Qalbda sodir bo‘ladigan shak, ikkilanish imon butunligi uchun zarur, chunki aynan shubha sababli inson haqiqat sari izlanadi. 

Shaxmat o‘yini davomida donalar o‘rtasidagi tobelik, zidliklar kurashi hamda o‘yindan keyingi tenglik, aslidabir butunlikdir. Tomonlar mohiyatan bir ma’noli bo‘lib, o‘yin davomida bir-birining ASLini aniqlashtirish uchun xizmat qiladi. 

Bildimki, hayot ziddiyatlari qalbimni yondirish barobarida toblaydi ham... Meni o‘tda qoldirganlarga nisbatan shukrli, bag‘rikeng va mushohadakor bo‘lishim lozimligini har lahzada o‘zimga ta’kidlayman.

 

 







Календарь

«    Декабрь 2024    »
ПнВтСрЧтПтСбВс
 1
2345678
9101112131415
16171819202122
23242526272829
3031 
Подпишитесь на нашу рассылку!
Мы не спамим
Sizga qaysi fandan testlar kerak?