Hurmatli saytimiz kuzatuvchilari! “Mantiq maydoni”ning bugungi sonida an’anamizdan biroz chekindik. Avvallari siz – aziz muxlislarga bir nechta savol bilan murojaat etgan bo‘lsak, bu gal hikoyanamo savol bilan boshingizni qotirish niyatidamiz. Siz bugungi muammoni hal qilish uchun sahifamizdagi jadvalni to‘g‘ri to‘ldirishingiz kerak bo‘ladi.
avto | kasbi | ovqat | film | qizi | |
Asad | |||||
Botir | |||||
Doniyor | |||||
Eldor |
Sizga to‘rt og‘ayni haqida hikoya qilib beramiz. Ularning ismlari Asad, Botir, Doniyor va Eldor. Bir maktabda, bir sinfda o‘qishgan, qiziqishlari va taqdir taqozo ularni Toshkentning turli oliy o‘quv yurtlariga yetaklab keldi. Bilim yurtini tamomlagan qahramonlarimiz to‘rt xil kasbning qo‘lidan tutishdi. Biri vrach, boshqasi dizayner; biri yurist, yana boshqasi jurnalist.
Ketma-ket uylanishdi, orqama-orqa otalik baxtiga musharraf bo‘lishdi. Xuddi kelishib olinganday: to‘rt oilada to‘rt qiz. Qizaloqlarga Aziza, Anora, Noila va Lola ismlari qo‘yildi.
Hayot to‘rtovlonn, nafaqat, oilaviy baxt bilan, balki ishdagi muvaffaqiyatlar bilan ham siyladi. Bilim va mehnatini ishga to‘g‘ri safarbar qila olgan do‘stlar avtoritet, moddiyat jihatidan ham havas qilgulik darajalarga erishdilar. Tez orada to‘rt beminnat “dastyor”ga ham ega bo‘lishdi: “Epica”, “Lacetti”, “Nexia” va “Spark”.
Qahramonlarimizning avtolaridan ko‘rinib turibdiki, did borasida ular alohida-alohida dunyo sanalishadi.Bu narsa ular yoqtiradigan ovqatlarda ham o‘z aksini topgan deyish mumkin. Palov, kabob, gulyash va tovuq sho‘rva qahramonlarimiz tomonidan sevib iste’mol qilinadi. Dam olish kunlari kinofilm ko‘riladigan bo‘lsa, to‘rt xil yo‘nalish ustida raqobat ketadi: detektiv, komediya, melodrama yoki hujjatli film.
Aziz gazetxon, quyida sizga jadvalni to‘ldirishingiz uchun zarur ma’lumotlar beriladi. Ulardan foydalangan holda qizaloqlar, sevimli film va ovqatlar, kasb va avtolarning kimga tegishli ekanini topishingiz talab etiladi. Ma’lumotlar quyidagicha:
1. Lolaning otasi “Epica” haydaydi.
2. Aziza otasi – Doniyor bilan ba’zan televideniyega borib turadi.
3. Dizayner ishiga “Nexia”da boradi. Tushlikda bir hissa palov yeyishni kanda qilmaydi.
4. Asad qiziga gulning nomini qo‘ygan. Gullarni, ular haqidagi hujjatli filmlarni tomosha qilishdan o‘zini tiya olmaydi.
5. Noilaning otasi o‘ta jiddiy odam, kamiga huquq sohasida faoliyat yuritadi, lekin negadir komedik filmlarga ko‘ngil qo‘ygan.
6. Vrach palov va gulyashni yoqtirmaydi, detektiv va melodramaga umuman hushi yo‘q.
7. Aziza bolalar bog‘chasidan otasining “Lacetti”sida qaytadi.
8. Anora – dizaynerning qizi. Otasiga tushunmaydi: doim jinoyatchi va izquvarlar haqida film ko‘rgani ko‘rgan.
9. Ba’zan restoran xodimlari suhbatida quyidagi gap eshitilib qoladi: “Anavi “Spark”ning orqa o‘qindiqlari tovuq go‘shtlari bilan to‘la bo‘lsa kerak”.
10. Doniyor “Titanik” filmini kamida besh marta tomosha qilgan.